
Kecha Superliganing 7-turi doirasida bo‘lib o‘tgan «Navbahor» — «Buxoro» o‘rtasidagi bahsdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Bakayev lavozimini tark etish haqida qaror qabul qilganini ma’lum qildi.
«Bugun biz Superligada ketma-ket to‘rtinchi mag‘lubiyatni qabul qilib oldik. Bu vaziyat men uchun juda og‘riqli va tushkunlikka sabab bo‘lmoqda. Biz qo‘limizdan kelgan barcha harakatni qildik — muxlislar, futbolchilar va klub sha’ni uchun bor kuchimizni sarfladik. Ammo, afsuski, ko‘zlangan natijaga erisha olmadik», — deya o‘z so‘zini boshladi mutaxassis.
Shuningdek, Bakayev klub rahbariyatidan uning iste’fosini qabul qilishni so‘radi va bu qarorni to‘g‘ri tushunishlariga umid bildirdi.
«Hozir «Buxoro» jamoasiga yangi qon, yangi g‘oyalar va ruhlantiruvchi yangi kuch kerak. Men rahbariyatdan iste’fomni qabul qilishlarini iltimos qilaman. Bu qarorimni ular to‘g‘ri tushunishadi, deb ishonaman. Muxlislarimizdan ham samimiy uzr so‘rayman. Bu holat meni ham tashvishga solmoqda. Kiyim almashtirish xonasida futbolchilarga aytdim: mening o‘rnimga kim kelishidan qat’i nazar, unga hurmat va mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishlari lozim», — dedi Bakayev.
Eslatib o‘tamiz, «Buxoro» bugungi kungacha Superliga jadvalida pastki o‘rinlarni egallab turibdi va jamoaning keyingi taqdiri qanday kechishi yaqin vaqt ichida aniq bo‘lishi kutilmoqda.