
O‘zbekiston harbiy xizmatchilari 2025-yil 9-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali harbiy paradida ishtirok etadi, deb upl.uz sayti xabar berdi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, paradga O‘zbekiston bilan bir qatorda yana 12 davlatning harbiy delegatsiyalari ham jalb etiladi. Ular orasida Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari harbiy kuchlari ham bor.
Ushakov, shuningdek, Shimoliy Koreya harbiylari ushbu tadbirda qatnashmasligini aniq qilib aytdi.
Avvalroq Ukraina Tashqi ishlar vazirligi boshqa mamlakatlarga murojaat qilib, ularni Moskvadagi paradga o‘z harbiylarini yubormaslikka chaqirgan edi. Ularning fikricha, ayniqsa o‘zini neytral deb e’lon qilgan yoki xalqaro sahnada betaraf siyosat olib borayotgan davlatlar bunday tadbirlardan chetda turishi kerak.
Ukraina TIVining bayonotiga ko‘ra, bu kabi tadbirlarda ishtirok etish neytrallik prinsipini buzadi. Biroq shunga qaramay, O‘zbekiston va bir nechta boshqa davlatlar paradda ishtirok etish qarorida qat’iy qolgan.